Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,7 foizga oʻsadi, byudjet taqchilligi YaIMning 2,1 foizini tashkil qiladi
Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,7 foizga oʻsadi, byudjet taqchilligi YaIMning 2,1 foizini tashkil qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,7 foizga oʻsadi, byudjet taqchilligi YaIMning 2,1 foizini tashkil qiladiJoriy yilning 29-yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda jamoatchilik ishtirokida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat budjeti masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat budjeti siyosati departamenti direktori Sherzod Muxamedov hamda Iqtisodiy oʻsishni tahlil qilish va prognozlash hamda monetar, fiskal va tashqi savdo siyosatlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash departament direktori o‘rinbosari Akmaljon G‘aniev ishtirok etib, tegishli sohalar bo‘yicha taqdimotlar qildi hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Tadbir davomida mamlakat iqtisodiyotida 2025-yilda erishilgan natijalar, shuningdek, o‘rta muddatli istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil axborot taqdim etildi.
Qayd etish lozimki, global iqtisodiyotdagi yuqori noaniqlik va jahonda kuzatilayotgan geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar va aholi bandligini taʼminlash hamda hududlarni rivojlantirish borasidagi choralar natijasida 2025-yilda iqtisodiy oʻsish sur’ati 7,7 foizni tashkil qildi. Bunda, bozor xizmatlari yalpi ichki mahsulot (YIM) oʻsishing asosiy drayveri boʻlib, 2025-yilda 14,7 foizga, sanoat 6,8 foizga, qurilish 14,2 foizga va qishloq xoʻjaligi 4,4 foizga oshdi.
Shu bilan birga, aholi jon boshiga YIM 5,7 foizga oʻsib, 3 881 dollardan oshdi. Kambagʻallik darajasi 5,8 foizni tashkil etdi va 2024-yil yakuniga nisbatan 3,1 foiz bandga kamaydi.
Bundan tashqari, 2025-yil davomida Davlat budjeti barqarorligi hamda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini belgilangan koʻrsatkichlar doirasida boʻlishini taʼminlash maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida 2025-yil uchun belgilangan konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori YIMga nisbatan 0,9 foiz bandga pasayib 2,1 foizni tashkil etdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq 2025-yilda Davlat budjeti daromadlari 2024-yilga nisbatan 31 foizga oshib, 360 trln so‘mni va Davlat budjeti xarajatlari 2024-yilga nisbatan 23,5 foizga o‘sib, 384 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda, davlat budjeti xarajatlarining 51 foizi yoki 195 trln so‘m mablag‘ ijtimoiy sohani (ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy nafaqa va boshqalar) rivojlantirish uchun sarflandi.
Shuningdek, tadbir davomida 2026-yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozlari, iqtisodiy o‘sish sur’atlari, fiskal barqarorlikni ta’minlash choralari hamda davlat moliyasini boshqarish yo‘nalishlari muhokama markazida bo‘ldi.
Xususan, iqtisodiy o‘sish sur’ati 2026-yilda kamida 6,6 foizni va inflatsiya darajasi 6–6,5 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bundan tashqari, 2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonuni bilan tasdiqlangan konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi (YIMga nisbatan 3 foiz) to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
Ochiq muloqot savol-javob shaklida o‘tkazilib, unda budjet siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash omillari, hududiy rivojlanish masalalari hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish mexanizmlariga doir qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tadbir davlat moliyasi va makroiqtisodiy siyosat sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik bilan muloqotni yanada kuchaytirishga qaratilgan izchil ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.