Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi BAAda raqamli va innovatsion xavfsizlik texnologiyalari bilan tanishtirildi
Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi BAAda raqamli va innovatsion xavfsizlik texnologiyalari bilan tanishtirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklari politsiya tuzilmasi bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida mazkur davlatda xizmat safarida boʻldi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatovning Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari – Ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar davomida jamoat xavfsizligini taʼminlash, transmilliy jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, kiberjinoyatchilikning oldini olish, raqamli texnologiyalarni huquqni muhofaza qilish amaliyotiga keng joriy etish hamda kadrlar tayyorlash yoʻnalishlaridagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya BAA Ichki ishlar vazirligining qator tuzilmalari faoliyati bilan bevosita tanishdilar.
Jumladan, Innovatsiyalar markazida xavfsizlikni taʼminlashda sunʼiy intellekt, raqamli tahlil va intellektual kuzatuv tizimlaridan foydalanish amaliyoti namoyish etildi.
Markaziy operatsiyalar bosh boshqarmasining Markaziy amaliyot va boshqaruv markazida jamoat xavfsizligini taʼminlash, favqulodda holatlarga tezkor javob qaytarish, yagona dispetcherlik va videomonitoring tizimlarining ishlash jarayoni bilan tanishildi.
Shuningdek, Farovonlik boshqarmasi faoliyati misolida xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, psixologik barqarorlikni taʼminlash va samarali korporativ muhit yaratishga qaratilgan tizimli yondashuvlar oʻrganildi.
Tashrif davomida Vazirlik delegatsiyasi Dubay politsiyasi Bosh qoʻmondoni Abdulla Xalifa Al Marri bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Suhbat chogʻida jinoyatlarning barvaqt oldini olish, profilaktika ishlarini raqamli platformalar orqali tashkil etish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish va “aqlli shahar” konsepsiyasi doirasida xavfsizlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi Dubay politsiyasining aviatsiya boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Unda jamoat tadbirlari davrida havodan monitoring olib borish, qidiruv-qutqaruv tadbirlarini amalga oshirish, yoʻl harakati xavfsizligini nazorat qilish va maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish imkoniyatlari namoyish etildi.
Axborot texnologiyalari boshqarmasida kiberxavfsizlikni taʼminlash, maʼlumotlar bazalarini himoya qilish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha taqdimot qilindi.
Shuningdek, Dubay politsiyasining Jinoyatlarni tergov qilish departamenti, Kriminalistika va kriminologiya bosh departamenti, Jinoyatlarni monitoring va nazorat qilish boshqarmasi hamda Turizm politsiyasi boshqarmasi faoliyati bilan tanishildi.
Ilgʻor tajribaga ega boʻlinmalarning zamonaviy texnika va yuqori texnologik jihozlar bilan taʼminlangani alohida eʼtiborga sazovor boʻldi.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan mazkur tashrif Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qilish idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda xavfsizlikni taʼminlash borasidagi qoʻshma saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.