Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati delegatsiyasi Turkiyaga amaliy tashrif bilan keldi
Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati delegatsiyasi Turkiyaga amaliy tashrif bilan keldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan joriy yilning 14-17 dekabr kunlari O‘zbekiston farmatsevtika sohasi vakillaridan iborat delegatsiyaning Turkiya Respublikasiga xizmat safari tashkil etildi.
Mazkur tashrif farmatsevtika sanoatini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, mahalliy korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, Turkiyaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida amalga oshirildi.
Xizmat safari doirasida delegatsiya aʼzolari Turkiyaning ilg‘or dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchi korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishib, ishlab chiqarish jarayonlari, sifat nazorati tizimlari, innovatsion texnologiyalar hamda eksportga yo‘naltirilgan faoliyat tajribasini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tashrif davomida delegatsiya TOBB (Türkiye Odalar ve Borsalar Birliği) tomonidan tashkil etilgan Turkiya dori sanoati kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Unda Turkiya farmatsevtika bozorining rivojlanish tendensiyalari, ishlab chiqarish va eksport masalalari, shuningdek, o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng delegatsiya aʼzolari Abdi İbrahim İlaç San. A.Ş., Berko İlaç ve Kimya Sanayi A.Ş., Atabay Kimya, Humanis Sağlık (Pharmactive), Koçak Farma hamda Unirex kompaniyalariga tashrif buyurib, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, sifatni taʼminlash tizimlari va eksportga yo‘naltirilgan faoliyat tajribasi bilan tanishdilar.