Oʻzbekiston faol va sport turizmini rivojlantirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 5-sentabr kuni Turizm qoʻmitasida “Oʻzbekistonda faol va sport turizmi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirni Turizm qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Sardor Niyozov ochib berdi va ushbu yoʻnalishni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Tadbir ilmiy-amaliy loyihaning yakunlanishini belgiladi. Ushbu loyiha doirasida tadqiqotlar o‘tkazildi, xalqaro tajriba tahlil qilindi va sohani rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga olgan "yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi. Xususan, "yo‘l xaritasi"da milliy muvofiqlashtirish markazini tashkil etish, yo‘nalishlar va ruxsat berish tartib-taomillari uchun "yagona darcha" raqamli platformasini joriy etish, ekologik barqarorlikka urg‘u bergan holda infratuzilmani rivojlantirish, ixtisoslashtirilgan qutqaruv xizmatini shakllantirish hamda yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarni tayyorlash va sertifikatlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv davomida taʼkidlanganidek,O‘zbekiston xilma-xil relyefi, tabiiy manzillari va faol dam olish turlariga qiziqishning ortib borishi tufayli faol hamda sport turizmini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarga ega. Loyihada ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi bu yo‘nalishni sayohatchilar uchun yanada qulay, xavfsiz va jozibador qilish imkonini beradi.
Faol turizm mavzusining davomi sifatida yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi. Bir yildan ziyod ta’lim olgan 35 nafar mutaxassisga kasbiy tayyorgarlik to‘g‘risidagi hujjatlar topshirildi. O‘quv dasturi jihozlardan foydalanish, joyni mo‘ljallash, xavfsizlikni ta’minlash va boshqa zarur ko‘nikmalar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni qamrab olgan. Bunday diplomlar ilk bor topshirildi va kelajakda mutaxassislarning yangi guruhlarini o‘qitishni davom ettirish ko‘zda tutilmoqda.