Valyuta kurslari 12/12/2025
$1 – 12047.45
UZS – 0,22%
€1 – 14099.13
UZS – 0,79%
₽1 – 151.90
UZS – -2,31%
Qidirish
Oʻzbekiston delegatsiyasi Tokioda boʻlib oʻtgan UHC yuqori darajadagi forumida ishtirok etdi

Oʻzbekiston delegatsiyasi Tokioda boʻlib oʻtgan UHC yuqori darajadagi forumida ishtirok etdi

Oʻzbekiston delegatsiyasi Tokioda boʻlib oʻtgan UHC yuqori darajadagi forumida ishtirok etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 4-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Otabek Fazilkarimov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning Tokio shahrida oʻtkazilgan “UHC High-Level” forumida ishtirok etdi. Tadbir sogʻliqni saqlash sohasini moliyalashtirishni kuchaytirish, universal sogʻliqni saqlash qamroviga (UHC) erishishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda past va oʻrta daromadli davlatlar salohiyatini oshirishga qaratilgan global muloqot maydoni sifatida tashkil etildi.

Maʼlumot uchun: forum Yaponiya hukumati, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va Jahon banki hamkorligida oʻtkazilib, “UHC 2030” maqsadlariga erishish boʻyicha global saʼy-harakatlarni jadallashtirishni maqsad qilgan. Ushbu jarayonning muhim qismi sifatida Yaponiyaning JSST va Jahon banki bilan hamkorlikda ilgari surgan “UHC Knowledge Hub” tashabbusi mamlakatlarga sifatli tibbiy xizmatlarni moliyaviy qiyinchiliksiz taqdim etish imkonini beruvchi ilgʻor yechimlar va tajribalarni almashishga xizmat qiladi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Otabek Fazilkarimov mamlakatning sogʻliqni saqlash tizimini tubdan yangilashga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlari haqida maʼruza qildi. U oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi “Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–88-sonli Farmoni hamda “Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–185-sonli qarori boʻyicha sogʻliqni saqlash tizimini transformatsiya qilish yuzasidan asosiy yoʻnalishlarni taqdim etdi.

Oʻzbekiston 2030-yilga qadar zamonaviy, insonga yoʻnaltirilgan sogʻliqni saqlash tizimini shakllantirishni maqsad qilgan. Bu yoʻlda tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, keyingi bosqichlarda esa butun tizimni toʻliq raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Sohada malakali kadrlar salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, doimiy professional rivojlanish dasturlari va natijadorlikka asoslangan toʻlov tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik yoʻnalishida diagnostika, stomatologiya va bir qator xizmatlarni bosqichma-bosqich xususiy sektorga topshirish orqali sifatni oshirish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish koʻzda tutilgan. Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish tizimidagi transformatsiya ham muhim ustuvorliklardan biri boʻlib, 2021-yildan buyon markazlashgan moliyalashtirish va xizmatlarni xarid qilish amaliyoti bosqichma-bosqich kengayib bormoqda.

Milliy islohotlarning miqyosi va taʼsirini taʼminlash uchun 2025–2030-yillar davomida davlat byudjetidan umumiy qiymati 21,4 milliard AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston xalqaro sheriklarni sogʻliqni saqlash infratuzilmasiga investitsiyalar, sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish boʻyicha texnik yordam hamda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish yoʻnalishlarida yaqin hamkorlik qilishga chaqirdi.

Forum doirasidagi muloqotlar Oʻzbekistonning sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha global hamjamiyat bilan yaqin hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling