Oʻzbekiston delegatsiyasi goʻsht va kartoshka sanoati sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun Lahor va Okara shaharlariga tashrif buyurdi
Oʻzbekiston delegatsiyasi goʻsht va kartoshka sanoati sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun Lahor va Okara shaharlariga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida 19–20-fevral kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Pokistonning Lahor va Okara shaharlariga tashrifi tashkil etildi. Delegatsiya tarkibidan bank, qishloq xo‘jaligi, veterinariya hamda karantin sohasi vakillari o‘rin oldi.
Tashrif davomida delegatsiya O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev hamrohligida go‘sht yetishtirishga ixtisoslashgan yirik “Zenith”, “Tazij Meats”, “Abedin International”, “Anis Associates”, “Go Food” va “Quality Meat” kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda chorva mollarini qo‘shma yetishtirish, go‘sht saqlash omborlari va distribyutorlik markazlarini tashkil etish, logistika hamda eksport masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligi, sertifikatlash jarayonlari bilan tanishdi. Muzokaralar yakunida O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish va go‘sht eksportini kengaytirish bo‘yicha tijoriy takliflar tayyorlashga kelishib olindi.
Safarning ikkinchi kunida delegatsiya kartoshka yetishtirish va eksportiga ixtisoslashgan “Chase International”, “FFF Traders”, “Al Khas Trading”, “Jamshaid Traders”, “Madina Enterprises” kabi kompaniyalarda bo‘lib, sohada ilg‘or tajriba va texnologiyalar bilan tanishdi.
Uchrashuvlar yakunida Pokiston tajribasi asosida O‘zbekiston hududlarida kartoshka yetishtirish hajmini oshirish, sifatini yaxshilash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.