Oʻzbekiston delegatsiyasi Daniyaning davlat xizmatlarini raqamlashtirish tajribasini oʻrganmoqda
Oʻzbekiston delegatsiyasi Daniyaning davlat xizmatlarini raqamlashtirish tajribasini oʻrganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i E.Maxkamov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Daniya Raqamli hukumat markazida Daniya Raqamli hukumat vazirligi, Raqamli hukumat agentligi, Daniya hukumati IT-xizmatlari agentligi, Daniya savdo palatasi, Daniya sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Daniya Davlat arxivi va Daniya Ma’lumotlarni himoya qilish agentligining rahbariyati va mas'ul shaxslari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalarni joriy etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini optimallashtirish, davlat xizmatlari va boshqa xizmatlarni autsorsing asosida xususiy sektorga o‘tkazish, ma’lumotlar va hujjatlarni raqamlashtirish, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish choralari borasidagi ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Daniyaning davlat, biznes va ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik asosida yangi raqamli yechimlarni yaratish, biznes faoliyatini boshlashda raqamli mahsulotlarni amaliyotga samarali tatbiq etishdagi muhim tajribasi alohida e’tirof etildi.
Ushbu xizmat safari Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan Adliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil qilinmoqda.