Valyuta kurslari 03/12/2025
$1 – 11880.93
UZS – -0,12%
€1 – 13794.95
UZS – -0,23%
₽1 – 153.28
UZS – 0,2%
Qidirish
Oʻzbekiston botqoqlik yerlari boʻyicha Ramsar konventsiyasi bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston botqoqlik yerlari boʻyicha Ramsar konventsiyasi bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston botqoqlik yerlari boʻyicha Ramsar konventsiyasi bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan CITES CoP20 doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq hududlar to‘g‘risidagi Ramsar konvensiyasi Bosh kotibi Musonda Mumba bilan uchrashdi.

Uchrashuv O‘zbekistonda suv-botqoq ekotizimlarini saqlash va Ramsar konvensiyasi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston va Konvensiya o‘rtasida samarali hamkorlik shakllanib, uning doirasida o‘quv-ma’rifiy, tadqiqot va tabiatni muhofaza qilish tashabbuslari amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Ayniqsa, O‘zbekiston hukumati tomonidan Ramsar strategiyasini amaliyotga joriy etishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqilgani e’tirof etildi. Ushbu dastur mutaxassislarning malakasini oshirish va suv-botqoq hududlarini boshqarishda tizimli yondashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonning besh hududi: Dengizko‘l (2001-yil), Aydar-Arnasay ko‘llar tizimi (2008-yil), To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari, Sudochye (2023-yil), Jiltirbas (2024-yil)  Ramsar ro‘yxatiga kiritilganligi ta'kidlandi. Ushbu tabiiy obyektlar ko‘chib yuruvchi suv qushlari, mintaqa bioxilma-xilligi va suv balansining barqarorligi uchun alohida ahamiyatga ega.

Uchrashuvda Musonda Mumba Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga tashrifi davomida talabalarga ma’ruza o‘qigani haqida so‘zlab berdi.

Uning aytishicha, yoshlarning suv-botqoq ekotizimlarini saqlash masalalariga qiziqishi ortib bormoqda va 2026-yilda bunday ma’ruzalar sonini yanada ko‘paytirish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning noyob suv-botqoq hududlarini asrashda Ramsar konvensiyasi bilan hamkorlikning muhimligini ta’kidladi hamda ilmiy-ta’limiy va amaliy loyihalar qamrovini kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling