Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan infratuzilma va moliyaviy loyihalarni muhokama qildi
Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan infratuzilma va moliyaviy loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8-aprel kuni Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)ning Qozog‘iston, Turkiya va O‘zbekiston bo‘yicha mintaqaviy direktori Liza Kestner hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda (XMK)ning O‘zbekiston va Turkmaniston bo‘yicha boshqaruvchisi Nil MakKeyn, Markaziy Osiyo va Turkiya mintaqasi moliya sektori bo‘yicha investitsiya loyihalari menejeri Alan Nunke hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar samaradorligini yanada oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Xususan, tomonlar quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratdi:
davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, jumladan, Farg‘ona viloyatida ko‘p tarmoqli zamonaviy shifoxona barpo etish, Samarqand shahrida elektr energiyasi yetkazib berish tizimini takomillashtirish, avtomobillar harakati uchun qulay bo‘lgan zamonaviy pulli yo‘llarni barpo etish, irrigatsiya tizimini rivojlantirish hamda gidroelektr stansiyalarni qurish kabi muhim loyihalarni samarali amalga oshirish;
ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish;
davlat ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni shakllantirish, startap loyihalariga keng imkoniyatlar yaratish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqarini rivojlantirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.