Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi vakili Bangkokda boʻlib oʻtgan xalqaro ESCAP seminarida ishtirok etmoqda
Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi vakili Bangkokda boʻlib oʻtgan xalqaro ESCAP seminarida ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-26-fevral kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida BMTning Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan tashkil etilgan xalqaro amaliy oʻquv seminari boʻlib oʻtmoqda.
Seminar “Noqonuniy moliyaviy mablagʻlar harakatini aniqlash va ularga chek qoʻyishning metodologik va institutsional vositalari”ga bag'ishlangan bo‘lib, ko‘zlangan asosiy maqsad — noqonuniy moliyaviy oqimlarni oʻlchash, ularni tahlil qilish hamda ushbu global muammoga qarshi kurashishda samarali vositalarni ishlab chiqish boʻyicha oʻzaro tajriba almashishdir.
Mashg‘ulotlarda Nigeriya, Senegal, Burkinafaso, Meksika, Bangladesh, Gabon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari, shu jumladan, O‘zbekistondan Bojxona qoʼmitasining Valyuta nazorati va notarif tartibga solish boshqarmasi xodimi J.Tugalov ham ishtirok etmoqda.
Vakillarimiz tomonidan seminar ishtirokchilariga mamlakatimizda iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash va noqonuniy kapital aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan ma’lumot berilib, ular bilan o‘zaro tajribalar almashilmoqda.
Seminar davomida olingan ilgʻor xalqaro uslubiyotlar kelgusida bojxona sohasida noqonuniy moliyaviy operatsiyalarni aniqlash samaradorligini oshirish va sohaga oid institutsional bazani yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.