Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi rahbari Jenevada IRU bilan tranzit tartiblarini soddalashtirish masalasini muhokama qildi
Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi rahbari Jenevada IRU bilan tranzit tartiblarini soddalashtirish masalasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shu kunlarda Shveysariyaning Jeneva shahrida Chegarada tartib taomillarini soddalashtirish global forumi hamda Tranzitni nazorat qilish xalqaro konvensiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Nufuzli anjumanda Konvensiyaga a’zo 78 davlatning bojxona xizmatlari delegatsiyalari ishtirok etmoqda.
Shu munosabat bilan ayni kunlarda Jenevada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Raisi Akmalxo‘ja Mavlonov bugun Xalqaro avtomobil transport ittifoqi direktori Umberto de Pretto bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Xalqaro avtomobil tashuvlari ittifoqi (MSAT) xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etib, nafaqat xalqaro savdoni tezlashtirishga, balki, tashuvchilarning huquqlarini himoya qilishga ham xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 1995 yildan buyon XYT Konvensiyasiga a’zo hisoblanadi. Konvensiya doirasida tovarlar bilan harakatlanuvchi yuk transport vositalari tranzit davlatlarining oraliq bojxonalarida tekshiruvdan o‘tish, bojxona kuzatuvi va qo‘shimcha sug‘urtadan ozod hisoblanadi.
Bunda tashuvchilar XYT daftari (TIR Carnet) — xalqaro tranzit hujjati (deklaratsiya) asosida amalga oshirilib, ushbu hujjat tashilayotgan tovarlar uchun 100 ming yevrogacha bo‘lgan miqdorda xalqaro kafolatni nazarda tutadi.
O‘zbekiston hududi orqali amalga oshiriladigan har to‘rtinchi xalqaro avtomobil tashuvi (24 %), eksportda esa 51 foizi XYT tartib-taomilidan foydalangan holda harakatlanadi.
O‘zbekistondan tashqi savdo jarayonlarining tobora jadallashayotganini inobatga olsak, mazkur ko‘rsatkichlar yetarli emas.
Ahamiyat bering, O‘zbekistonda 2018 yilda eksport, import va tranzitda 300 mingdan ziyod tashuvlar amalga oshirilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu raqamlar 3 barobarga ortib, 1 mln.tani tashkil qildi.
Shu sababli Davlatimiz Rahbarining 2025 yil 17 dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-250-son Farmoniga muvofiq Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi bilan birgalikda O‘zbekistonda TIR elektron tizimlarini (SafeTIR va TIR-EPD) to‘liq ishlashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan SafeTIR tizimi orqali transportlarni aniq marshrutga asosan bojxona postiga kelishi bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda tashkilotning TIR-EPD tizimi orqali oldindan deklaratsiyalash amaliyoti Bojxona qo‘mitasi “E-Tranzit” axborot tizimi bilan o‘zaro integratsiya qilinmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekistonda TIR+ mexanizmi qo‘llanilganda, TIR kafolati miqdorini 100 ming yevrodan 200 ming yevrogacha oshirish taklifi muhokama qilindi.
Bu esa o‘z o‘rnida tashuvchilar uchun qo‘shimcha soddalashtirishlarni joriy qilish orqali XYT tartib-taomillaridan foydalanishni rag‘batlantirish va ommalashtirish imkonini beradi.
Buning uchun eng avvalo milliy qonunchilikni xalqaro talablarga uyg‘unlashtirish hamda O‘zbekistondagi tashuvchilar assotsiatsiyasi bilan qo‘shimcha kafolatni joriy qilish haqida shartnoma imzolash istiqbollari tahlil qilindi.
Muzokaralar kun tartibdan Xalqaro avtomobil tashuvlari ittifoqi huzurida butun dunyodan xalqaro tashuvchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan Akademiya bilan Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti o‘rtasida logistika va xalqaro savdo zanjiri xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ham joy oldi.