Valyuta kurslari 25/06/2025
$1 – 12456.25
UZS – 0,36%
€1 – 14461.71
UZS – 1,57%
₽1 – 158.36
UZS – -0,01%
Qidirish
O‘zbekiston 25/06/2025 Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish global indeksida 19 pogʻona yuqoriladi

Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish global indeksida 19 pogʻona yuqoriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (Sustainable Development Solutions Network – SDSN) tomonidan e’lon qilingan 2025 yil uchun Barqaror rivojlanish Hisoboti reytingida O‘zbekiston 73 ball bilan 62-o‘rinni egalladi (qariyb 45 foiz maqsadlarga erishilgan yoki erishish jarayonida).

Mazkur hisobot SDSN tomonidan mustaqil baholash asosida tayyorlanib, Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) sohasida mamlakatlarning taraqqiyot darajasini yillik asosda aniqlab boradi. Ushbu tarmoq Kolumbiya universiteti professori va BMT Bosh kotibining BRM bo‘yicha maslahatchisi professor Jeffrey Sachs tomonidan tashkil etilgan.

O‘zbekiston joriy yilda 2024 yilga nisbatan 19 pogʻona yuqoriladi va Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida 2015-yildan beri eng tez o‘sayotgan mamlakat sifatida e’tirof etildi.

Joriy yilning 24-iyun kuni mazkur Hisobotning onlayn taqdimoti o‘tkazilib, unda professor Jeffrey Sachs, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjaev, Afrika taraqqiyot banki vitse-prezidenti Kevin Chika Urama, Tsinxua universiteti professori Devid Li, Pensilvaniya universiteti professori Eugénie Birch, SDSN vitse-prezidenti Guillaume Lafortune va boshqa nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida vazir o‘rinbosari Umid Abidxadjaev O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida amalga oshirilgan islohotlar va mavjud milliy moliyaviy mexanizmlarga to‘xtalib o’tdi. Shuningdek, global moliyaviy tizimni isloh qilish, past va o‘rta daromadli mamlakatlar uchun uzoq muddatli va qulay moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Professor Jeffrey Sachs o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi:

“Barqaror rivojlanishga erishishda eng birinchi navbatda mamlakatdagi siyosiy yetakchilik muhim axamiyat kasb etadi. Barqaror rivojlanishga erishishda nafaqat ichki va tashqi resurslarni yo’naltirish, balki ularning samaradorligini ta’minlash zarur.”

Xususan, professor Sachs hamda Afrika taraqqiyot banki vitse-prezidenti Kevin Chika Urama tomonidan O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori baholanib, bunda siyosiy irodaning mustahkamligi va qat’iy yetakchilik asosiy omil sifatida alohida ta’kidlandi. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha erishilgan natijalarga xalqaro ekspertlar alohida e’tibor qaratdilar.

O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan institutsional va tarkibiy islohotlar, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy himoya va munosib ish o‘rinlarini yaratish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sifatini oshirish, gender tengligini ta’minlash, shuningdek, raqamli va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish hamda statistika sohasida ochiqlikni mustahkamlash yo‘nalishlarida amalga oshirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar O‘zbekistonning barqaror rivojlanish global indeksida yuqori o‘sishiga asosiy turtki bo‘ldi va xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling