Oʻzbekiston agrosanoat majmuasida UNIDO va FAO bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Oʻzbekiston agrosanoat majmuasida UNIDO va FAO bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Berlin shahrida o‘tkazilayotgan 18-qishloq xo‘jaligi vazirlari konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi BMT tizimidagi nufuzli tashkilotlar rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov UNIDOning Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) bo‘yicha innovatsiyalar va iqtisodiy transformatsiya direksiyasi boshqaruvchi direktori Gunther Beger, shuningdek FAO ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofis rahbari Beth Bechdol hamda FAOning Mintaqaviy vakili Viorel Gutu bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonning UNIDO va FAO bilan uzoq yillik samarali hamkorligi, jumladan agroindustriya, oziq-ovqat xavfsizligi, yashil sanoat, aylanma iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya, energiya samaradorligi hamda agro-sanoat klasterlarini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda sanoat zonalarini resurs tejamkor va ekologik barqaror klasterlarga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, FAO bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, agroindustriyada qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish, oziq-ovqat tizimlarining barqarorligini ta’minlash, shuningdek zamonaviy va iqlimga mos texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekistonning agrar va sanoat sohalarini modernizatsiya qilish, barqaror rivojlanishni ta’minlash hamda xalqaro standartlarni joriy etish yo‘nalishlarida UNIDO va FAO bilan strategik hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvhga erishdi.