Oʻzbekiston Afgʻonistonga elektr jihozlari eksportini oshirmoqda
Oʻzbekiston Afgʻonistonga elektr jihozlari eksportini oshirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasida Afg‘onistondan tashrif buyurgan o‘zbek elektrotexnika mahsulotlarini sotuvchi rasmiy dilerlar, hamkorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda uyushma raisi Mirziyod Yunusov ishtirok etib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Afg‘onistonga elektrotexnika mahsulotlari eksportini oshirish, o‘zaro savdo hajmini kengaytirish hamda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida afg‘onistonlik hamkorlarga uyushma huzuridagi “Eltechlab” sinov laboratoriyasi faoliyati tanishtirildi. Mehmonlar kabel-sim mahsulotlari hamda maishiy texnika vositalarining sinov jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
2024-yilda Afg‘onistonga elektrotexnika mahsulotlari eksporti qariyb 1 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik aloqalari va Afg‘onistonda ochilgan yangi o‘zbek savdo nuqtalari hisobiga 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 6 million dollarga yetdi. Joriy yilda esa ushbu ko'rsatkichni bir necha barobar oshirish ko'zda tutilgan.
Mazkur ijobiy dinamika eksport salohiyatini yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.