Nyu-Yorkda Oʻzbekistonning BMT tizimi bilan madaniy sohadagi hamkorligi muhokama qilindi
Nyu-Yorkda Oʻzbekistonning BMT tizimi bilan madaniy sohadagi hamkorligi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Nyu-York shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova BMT Bosh kotibining Bosh Assambleya ishlari va konferensiyalar boshqaruvi bo‘yicha o‘rinbosari Movses Abelyan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot markazida BMT tizimi bilan institutsional hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekistonning madaniy tashabbuslarini ko‘p tomonlama xalqaro kun tartibi bilan uyg‘unlashtirish masalalari turdi.
Tomonlar Samarqand shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini alohida ta’kidlab, mazkur anjuman madaniyat, ta’lim va merosni asrash masalalarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro maydon bo‘lib xizmat qilganini qayd etdilar.
Shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari ham muhokama qilindi. Xususan, BMT Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bilan hamkorlikda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda "Orol maktabi" ta’lim tashabbusini yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi.