Valyuta kurslari 07/11/2025
$1 – 12022.92
UZS – 0,44%
€1 – 13843.19
UZS – 0,69%
₽1 – 148.14
UZS – 0,37%
Qidirish
NVIDIA O'zbekistonda qo'shma sun'iy intellekt tashabbuslarini amalga oshirmoqda

NVIDIA O'zbekistonda qo'shma sun'iy intellekt tashabbuslarini amalga oshirmoqda

NVIDIA O'zbekistonda qo'shma sun'iy intellekt tashabbuslarini amalga oshirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShda NVIDIA kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda mamlakatning sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha NVIDIA kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalari e’lon qilindi.

NVIDIA bilan birgalikda quyidagi yo‘nalishlarda sun’iy intellekt rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda:

NVIDIA sun’iy intellektni boshqarish, ekotizimni rivojlantirish va soha bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni, mavjud ochiq va maxfiy bo‘lmagan ma’lumotlar doirasida, O‘zbekiston tomoni bilan bo‘lishadi.

O‘zbekiston zamonaviy NVIDIA texnologiyalari va ta’lim dasturlari asosida “AI Excellence Markazi”ni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu markaz professor-o‘qituvchilarni tayyorlash va mutaxassislarning malakasini oshirish dasturlarini o‘z ichiga oladi.

Vazirlik 2026-yilga qadar umumiy hisobda 1 megavattgacha hisoblash quvvatiga ega bo‘lgan ikkita Sun’iy intellekt klasterining texnik asoslarini ishlab chiqish va baholashni rejalashtirmoqda. Klasterlardan biri ta’lim va ilmiy izlanishlarga, ikkinchisi esa raqamli hukumat, tibbiyot va sanoatdagi sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltiriladi. Ularning amalga oshirilishi alohida kelishuvlar va mavjud infratuzilma imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati mamlakat miqyosida sun’iy intellektni keng joriy etish bo‘yicha bir qator milliy tashabbuslarni e’lon qildi. Ushbu tashabbuslar Hukumat tomonidan boshqariladi va alohida kelishuvlar va tasdiqlarga asosan NVIDIA bilan kelgusida hamkorlikni o‘z ichiga olishi mumkin:

Hukumat yetakchi oliy ta’lim muassasalarini NVIDIA superkompyuter infratuzilmasi bilan ta’minlash bo‘yicha tashabbusni ko‘rib chiqmoqda. Loyiha uchun moliyaviy resurslar ajratilgan bo‘lib, xarid jarayoni 2025-yilning to‘rtinchi choragiga mo‘ljallangan.

Hukumat mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga sun’iy intellekt yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich joriy etish ustida ishlamoqda. Shu bilan birga, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, NVIDIA Deep Learning Instituti dasturlari asosida professor-o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Hukumat 2026-yilda sanoat korxonalari, banklar hamda davlat tashkilotlarida qo‘shimcha NVIDIA AI infratuzilmasini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Ushbu maqsadda taxminan 1 megavatt quvvat va zarur moliyaviy resurslarni ajratish ko‘zda tutilgan. Loyiha alohida kelishuvlar, mavjud texnik sharoitlar va eksport nazorati talablari asosida amalga oshiriladi.

Sanoat yo‘nalishidagi “AI Excellence” markazi uchun 3 million AQSh dollari miqdoridagi sarmoya.

Hukumat raqamli egizaklar (digital twins), robototexnika va sanoat AI yechimlarini ishlab chiqishda NVIDIA texnologiyalarini baholash orqali Sanoat yo‘nalishidagi “AI Excellence” markazini tashkil etish maqsadida taxminan 3 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Loyiha 2026-yilda ishga tushishi kutilmoqda.

 Mazkur hamkorlik sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya sohasida global tajriba bilan O‘zbekistonning barqaror texnologik rivojlanish bo‘yicha milliy ustuvor yo‘nalishlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling