Nurafshon shahrida xorijiy investorlar bilan zamonaviy qurilish loyihalarini amalga oshirish bo'yicha muzokaralar olib borildi
Nurafshon shahrida xorijiy investorlar bilan zamonaviy qurilish loyihalarini amalga oshirish bo'yicha muzokaralar olib borildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Xitoy Xalq Respublikasining Jiangsi Savdo Palatalari Bosh Assosiatsiyasi ijrochi raisi, Xitoy Gʻarbiy Jiangsi tadbirkorlari alyansi raisi Fan You Hu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida viloyat hokimi mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari doirasida investisiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ayniqsa qurilish va infratuzilma sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyati, qulay ishbilarmonlik muhiti, sanoat va investisiya zonalari, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, delegatsiya rahbari Fan You Hu Toshkent viloyati investorlar uchun ochiq, barqaror va ishonchli hudud ekanini qayd etib, bu yerda qurilish hamda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.
Samimiy va ishchan ruhda kechgan muloqot davomida xitoylik ishbilarmonlar Nurafshon shahrida zamonaviy turar-joy majmuasi va mehmonxona barpo etish, shuningdek, ko‘ngilochar maskanlar hamda biznes faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni o‘zida jamlagan yirik savdo kompleksini ishga tushirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, delegatsiya rahbari Fan You Hu Zhongge Holding Co., Ltd. kompaniyasi direktorlar kengashi raisi bo‘lib, qurilish sohasida 30 yillik tajribaga ega tadbirkor hisoblanadi. U Xitoy Xalq Respublikasida ham qator yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan.
Viloyat hokimi tomonidan bildirilgan takliflar ma’qullanib, xorijiy sarmoyadorlar uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar, investisiya kafolatlari hamda amaliy qo‘llab-quvvatlash choralari ta’minlanishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, viloyat rahbari Xitoy ishbilarmon doiralari bilan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli va barqaror hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, aniq taklif va tashabbuslarni mutaxassislar darajasida chuqur ishlab chiqish hamda ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish muhim ekaniga ishonch bildirdilar.