Nurafshon 200 million dollarlik investitsiya bilan "Raqamli innovatsiyalar vodiysi" loyihasini tayyorlamoqda
Nurafshon 200 million dollarlik investitsiya bilan "Raqamli innovatsiyalar vodiysi" loyihasini tayyorlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Nurafshon shahar hokimi Ilxom Klichxanov Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashib, 2027–2030-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik "Digital innovation valley" loyihasini muhokama qildi.
Muloqotda Raqamli texnologiyalar vazirligi Toshkent viloyati bo'linmasi boshlig'i X. Yo'ldoshev ham ishtirok etdi.
Loyiha umumiy 35 gektar hududni qamrab olib, unda IT Park, innovatsiyalar markazi, ilmiy-tadqiqot institutlari, zamonaviy laboratoriyalar, konferensiya zallari, ta’lim binolari hamda turar joy infratuzilmasi barpo etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, loyiha doirasida qiymati 200 million AQSH dollari bo‘lgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha milliy markaz tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida 500 dan ortiq ilmiy va innovatsion loyihalarni ishga tushirish, 160 dan ortiq texnologik prototiplar va 100 dan ortiq startaplarni yaratish, 10 million dollarlik xususiy investitsiyalarni jalb qilish, 40 ta texnologik yechimlarni tijoratlashtirish va 10 ta startapning xalqaro bozorlarga chiqishiga imkon berish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda tomonlar loyihani dastlabki tashkiliy jarayonlari, joy tanlash va zaruriy kommunikatsiyalar bilan ta'minlanishi, shuningdek loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish, hududda zamonaviy innovatsion ekotizim yaratish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.