Nukusda sog‘liqni saqlash sohasida AI Hackathon boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida “HealthTech AI Hackathon” start oldi. Bu tadbir mamlakatdagi umummilliy sunʼiy intellekt xakaton loyihasining ilk bosqichi hisoblanadi.
Loyiha Sog‘liqni saqlash vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Jo‘qorg‘i Kenges, IT Park Uzbekistan va Uzinfocom tomonidan tashkil etilgan. Tashabbusni Yandex Uzbekistan, Uzum, Click, ZTE, Central Asian University, New Uzbekistan University va AKFA kabi yirik xususiy kompaniyalar ham qo‘llab-quvvatladi.
AI Hackathon loyihasi 2025 yil oktyabridan 2026 yil dekabrigacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va mamlakatning barcha 14 mintaqasini qamrab oladi. Xakatonda allaqachon sog‘liqni saqlash, taʼlim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlik sohalarida innovatsion yechimlarni ishlab chiquvchi 26 ta jamoada 100 dan ortiq kishi ishtirok etmoqda.
Nukusda o‘tkazilayotgan “HealthTech AI Hackathon”ning asosiy maqsadi — tibbiyot sohasida raqamli islohotlarni jadallashtirishdir. Loyiha soha mutaxassislari va axborot texnologiyalari sohasida ishlaydigan yoshlarni birlashtirib, sog‘liqni saqlash tizimi uchun zamonaviy raqamli yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan milliy maydonni yaratishni nazarda tutadi.
Tadbirda IT va tibbiyot oliy taʼlim muassasalari talabalari, yosh shifokorlar, IT mutaxassislari va tibbiyot muassasalari vakillari ishtirok etmoqda. Ular uchun mentorlik sessiyalari, mahorat darslari va seminarlar tashkil etilgan. Jamoalar o‘z loyihalarini shifokorlar, vazirlik vakillari hamda texnologiya sohasi yetakchilaridan iborat ekspertlar hayʼatiga taqdim etadi.
Eng yaxshi deb topilgan loyihalar grant yordamibilan qo‘llab-quvvatlanadi, akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etadi. Shuningdek, g‘oliblar venchur fondlaridan investitsiya jalb qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, tibbiyotni raqamlashtirish sog‘liqni saqlash tizimini samarali va qulay qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Jumladan, sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar tahlili kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy tasvirlarni o‘rganish va aholining 30 foiziga taʼsir etuvchi surunkali kasalliklarni bashorat qilish imkonini yaratadi.
Shuningdek, tele tibbiyot orqali chekka hududlardagi aholiga tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati kengayadi, taqiladigan raqamli qurilmalar esa salomatlikni real vaqtda kuzatish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga ko‘maklashadi. AI Hackathon loyihasi mamlakatning raqamli sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish uchun asos bo‘ladi va butun respublika bo‘ylab eHealth sohasining IT salohiyatini ochib beradi.