Norma ijodkorligi faoliyatining samaradorlikka yo‘naltirilgan yangi tartibi joriy etiladi — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 10/09/2025
$1 – 12355.14
UZS – -0,68%
€1 – 14539.53
UZS – -0,3%
₽1 – 148.48
UZS – -2,23%
Qidirish
Norma ijodkorligi faoliyatining samaradorlikka yo‘naltirilgan yangi tartibi joriy etiladi

Norma ijodkorligi faoliyatining samaradorlikka yo‘naltirilgan yangi tartibi joriy etiladi

Norma ijodkorligi faoliyatining samaradorlikka yo‘naltirilgan yangi tartibi joriy etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–161-son, 08.09.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, vazirlik va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, Prezidentning farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bilan tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlar berilgan bo‘lsa, idoraviy hujjatlar qabul qilishi mumkin.

Idoraviy hujjatlarni qabul qilish uchun yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarda tegishli hujjatni qabul qilish vakolati aniq yozib qo‘yilgan bo‘lishi talab etilmaydi.

Idoraviy hujjatlarga, qonunchilikda belgilangan holatlardan tashqari, quyidagi qoidalarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi:

shaxslarga yangi imtiyoz hamda javobgarlik choralarini belgilaydigan;

amaldagi tartib-taomillarni asossiz murakkablashtiradigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklaydigan;

asoslanmagan qo‘shimcha xarajat va to‘lovlarni, yangi turdagi soliq va yig‘imlarni, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etadigan.

Idoraviy hujjatlarni qabul qilish, ularni huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari bo‘yicha quyidagi qatʼiy talablar o‘rnatiladi:

idoraviy hujjatlarni qabul qilish muddati, agar qonunlar, Prezident va Hukumatning hujjatlarida bundan ko‘p muddat belgilanmagan bo‘lsa, 2 oy etib belgilanadi;

idoraviy hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish muddati 10 kunni tashkil etadi, agar loyiha yuzasidan 5 kun ichida taklif kelib tushmasa, uni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga kiritish mumkin bo‘ladi;

idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati 30 kundan 20 kunga, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan hujjatlar bo‘yicha esa ko‘rib chiqish muddatini uzaytirish 15 kundan 10 kunga qisqartiriladi;

belgilangan talablarga rioya qilmasdan kiritilgan idoraviy hujjatlarni Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish muddati 30 kundan 15 kunga qisqartiriladi.

Adliya vazirligi idoraviy hujjatlarni quyidagi hollarda qayta ishlash (tahrirlash) orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirish maqsadida;

qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqlashtirish zarurati tug‘ilganda;

havola qiluvchi normalar qo‘llanishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi taʼminlanmaganda.

Adliya vazirligi vazirlik va idoralar tomonidan idoraviy hujjatlar o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, qabul qilinishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini doimiy monitoring qilib boradi.

Shuningdek, idoraviy hujjatni u birinchi kelishilayotgan vazirlik va idora bilan kelishilgandan so‘ng 30 kun ichida qabul qilish talabi bekor qilinadi.

Bundan tashqari, yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi idoraviy hujjatlarni manfaatdor tashkilotlar bilan kelishmasdan huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga kiritishga ruxsat beriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling