Valyuta kurslari 30/05/2025
$1 – 12768.26
UZS – -0,49%
€1 – 14400.04
UZS – -0,98%
₽1 – 162.63
UZS – 0,97%
Qidirish
Moliya 29/05/2025 Nogironlik pensiyalari alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlanadi

Nogironlik pensiyalari alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Nogironlik pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashda proaktiv xizmatlarni joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashning quyidagi soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi:

fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlash. Bunda fuqaroga proaktiv shaklda tayinlangan pensiyalarni rad qilish huquqi beriladi;

ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlash;

nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdorini har 2 yilda proaktiv shaklda qayta hisoblash.

2025 yil 1 oktyabrdan davlat pensiya taʼminotiga oid hamda AT “Xalq banki” tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq xizmatlar fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshiriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling