Nodavlat bog‘chalarda tarbiyalanayotgan ayrim toifadagi oilalarning farzandlari uchun to‘lovlarning bir qismi to‘lab beriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ushbu bolalar taʼminoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizom oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlari uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibini belgilaydi.
Ota-onalar to‘lovining bir qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladigan ayrim toifadagi oilalarning farzandlari ro‘yxati axborot tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Ayrim toifadagi oilalarning ota-onalar to‘lovini qoplash uchun oilaviy MTTga kompensatsiya tegishli hududda 9 soatlik ish rejimidagi umumiy tipdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan ota-onalar to‘lovining 40 foizi miqdorida ajratiladi.
Kompensatsiya oilaviy MTTga haqiqatda qatnayotgan ayrim toifadagi oilalar farzandlari sonidan kelib chiqib, biroq Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan oilaviy MTT o‘rtasida tuzilgan bitimda belgilangan o‘rinlarning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismiga ajratiladi.