“NKMK” AJ va “OKMK” AJ Sustainable Fitch reytingida o‘z pozitsiyalarini tasdiqladi
“NKMK” AJ va “OKMK” AJ Sustainable Fitch reytingida o‘z pozitsiyalarini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sustainable Fitch xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning eng yirik tog‘-kon va metallurgiya korxonalari — “NKMK” AJ va “OKMK” AJning barqaror rivojlanish reytinglarini (Entity Rating) “3” darajasida tasdiqladi.
Shu bilan birga “NKMK” AJning umumiy bahosi 51 balldan 54 ballga, “OKMK” AJniki esa 56 balldan 59 ballga oshirildi.
Agentlikda ta’kidlanishicha, ushbu natijalar kompaniyalar tomonidan barqaror rivojlanish strategiyalarining amalga oshirilishi hamda tog‘-kon va metallurgiya sanoatiga xos ekologik va ijtimoiy omillarni hisobga olgan holda olib borilayotgan ishlarni aks ettiradi.
Qayd etilishicha, “NKMK” AJ issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
“OKMK” AJ esa ishlab chiqarishning uglerod sig‘imini kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan uzoq muddatli iqlim strategiyasini joriy etmoqda.
Shuningdek, ekspertlar kompaniyalarda korporativ boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilgani, moliyaviy hisobotlarning shaffofligi, risklarni boshqarish tizimi hamda soliq majburiyatlarining o‘z vaqtida bajarilishini alohida qayd etdilar.