Nemis sarmoyadorlari Farg‘onaga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqdalar
Nemis sarmoyadorlari Farg‘onaga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqdalar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi va Germaniyaning xorijdagi savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Farg‘onada biznes imkoniyatlari” mavzusida xalqaro vebinar tashkil etildi.
Unda Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, mavjud investitsiya imkoniyatlarini namoyon etish va xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Vebinar davomida viloyatning so‘nggi yillardagi barqaror iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari, yangi tashkil etilayotgan industrial zonalar faoliyati, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, nemis texnologiyalari asosida qo‘shma korxonalar tashkil etish istiqbollari, viloyatning eksport salohiyatini oshirish va Yevropa bozorlariga chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar jarayonida nemis ishbilarmon doiralari Farg‘ona viloyatidagi mavjud investitsiya muhitiga yuqori baho berib, qator istiqbolli loyihalar bo‘yicha amaliy qiziqish bildirdilar.
Yakunda o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, xorijiy investorlar takliflarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusidagi hamkorlikning aniq yo‘nalish va bosqichlarini belgilab olish chora-tadbirlari kelishib olindi.