“Navoiy” aeroporti Mo‘g‘uliston bilan yuk tashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirdi: 3000 dan ortiq nasldor qo‘y yetkazib berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Navoiy xalqaro aeroporti O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi yuk qatnovlariga xizmat ko‘rsatishda davom etmoqda.
Navoiy xalqaro aeroporti O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik doirasida uchinchi yuk reysini qabul qildi. Samolyot umumiy og‘irligi 35 tonna bo‘lgan 1017 bosh nasldor qo‘ylarni mamlakatimizga yetkazib berdi.
Qaytish reyslarida O‘zbekistondan ho‘l meva va poliz mahsulotlari eksport qilinayotgani ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ayni kunga qadar mamlakatimizga umumiy og‘irligi 107 tonna bo‘lgan 3017 bosh nasldor qo‘ylar yetkazilgan. Joriy yil oxirigacha jami 100 ming bosh qo‘y olib kelish rejalashtirilgan.
"KAP KG" aviakompaniyasining Mo‘g‘ulistonga qaytish reyslari doirasida yangi meva va poliz mahsulotlari - 11596 kg uzum , 2178 kg qovun va 4247 kg tarvuz eksport qilindi.
Mazkur tovar ayirboshlash qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tashqi savdo hamkorligini kengaytirish va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda yangi istiqbollarni belgilab bermoqda.