Valyuta kurslari 20/01/2026
$1 – 12051.71
UZS – 0,74%
€1 – 14008.91
UZS – 0,87%
₽1 – 154.69
UZS – 0,49%
Qidirish
Namanganda sunʼiy intellekt asosidagi “Aqlli” loyihalar amalga oshiriladi

Namanganda sunʼiy intellekt asosidagi “Aqlli” loyihalar amalga oshiriladi

Namanganda sunʼiy intellekt asosidagi “Aqlli” loyihalar amalga oshiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosida hududlarni rivojlantirish borasida muhim loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Jumladan, viloyatda “Aqlli shahar”, “Aqlli universitet”, “Aqlli maktab” hamda sunʼiy intellektga asoslangan boshqaruv va taʼlim tizimlarini joriy etishga qaratilgan yirik tashabbuslar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Davlatobod tumanida joylashgan Namangan Davlat texnika universiteti hududida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Aqlli markaz” loyihasi bilan tanishdi. Mazkur markaz universitetning Iqtisodiyot binosida joylashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, u sunʼiy intellekt laboratoriyasi negizida faoliyat yuritadi.

Loyiha doirasida “Smart universitet”, “Aqlli maktab” hamda taʼlim va kommunal xizmatlar tizimini zamonaviy talablar asosida yangi bosqichga olib chiqadigan innovatsion markazlar tashkil etiladi.

Ushbu markazlar orqali taʼlim jarayonlarini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt asosida boshqaruvni joriy etish hamda hudud infratuzilmasini samarali nazorat qilish imkoniyati yaratiladi.

“Aqlli markaz” orqali shahar infratuzilmasi yagona raqamli platforma asosida boshqarilishi rejalashtirilgan.

Xususan, 200 mingdan ortiq videokamera yordamida jamoat xavfsizligi, transport harakati, kommunal xizmatlar, chiqindilarni boshqarish va muhandislik tarmoqlari sunʼiy intellekt texnologiyalari orqali doimiy monitoring qilinadi.

Shuningdek, tashkil etilayotgan sunʼiy intellekt markazida 50 dan ortiq ish o‘rniga ega bo‘lgan AyTi kompaniyalar faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu yosh mutaxassislar bandligini taʼminlash va hududning innovatsion salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Taʼlim sohasida ham muhim yangiliklar kutilmoqda. Xitoy Xalq Respublikasining ilg‘or taʼlim tajribasi asosida Namangan viloyatida taʼlim tizimini raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish ishlari izchil davom ettiriladi. Ushbu jarayonlar doirasida Davlatobod tumanidagi 52-umumtaʼlim maktabi “Aqlli maktab” (Smart maktab) modeliga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.

Viloyat hokimi loyihalar bilan tanishar ekan, ularning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda xalqaro tajribadan samarali foydalanish hamda ushbu tashabbuslarning aholiga qulaylik yaratishga xizmat qilishi muhimligini taʼkidladi.

Mazkur “aqlli” loyihalar Namangan viloyatining raqamli rivojlanishida muhim qadam bo‘lib, hududni innovatsion markazga aylantirish, taʼlim sifati va shahar boshqaruvi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling