Valyuta kurslari 24/10/2025
$1 – 12129.33
UZS – 0,23%
€1 – 14061.53
UZS – 0,21%
₽1 – 149.17
UZS – 0,78%
Qidirish
Namanganda IV Xalqaro Asal Festivali ochildi

Namanganda IV Xalqaro Asal Festivali ochildi

Namanganda IV Xalqaro Asal Festivali ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatobod tumanidagi «Afsonalar vodiysi» mavzuli bog‘ida turli mamlakatlardan kelgan asalchilar, mutaxassislar va mehmonlarni birlashtirgan IV Xalqaro Asal festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xorijiy delegatsiyalar vakillari, sohaning rahbarlari hamda hudud jamoatchiligi ishtirok etdi.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bu kabi festivallarning ahamiyati, turizm rivojidagi hissasi haqida to‘xtalib, festival, ayniqsa, soha vakillariga asal yetishtirish barobarida asalarichilik hunarmandchiligi buyumlarini tayyorlash kabi ilm va hunar uyg‘unlashgan o‘ziga xos maktab, hamkorlik maydoni sifatida muhimrol o‘ynashini taʼkidladi.

Joriy yilgi festivalda 150 dan ortiq mahalliy va xorijiy asalchilar o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda. 100 dan ziyod pavilyonda turli xil asal va asalchilik mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Festival ishtirokchilari orasida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy va Rossiya vakillari ham bor.

Festival dasturi doirasida ilmiy-amaliy konferensiyalar, sport musobaqalari, ish yarmarkalari, hunarmandlar ko‘rgazmasi, master-klasslar va konsert dasturlari tashkil etilgan.

Tashkilotchilarning maʼlumoticha, festivalga taxminan 2,5 mingga yaqin xorijiy va 10 minggacha mahalliy turist tashrif buyurishi kutilmoqda.

Asal festivali 26 oktyabrgacha davom etadi va mutaxassislarning taʼkidlashicha, u mintaqa uchun sohaviy miqyosdagi yirik tadbirlardan biriga aylanib, o‘zbek asalining xalqaro bozorlarda ilgari surilishiga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling