Namanganda AYOQSHda sodir bo‘lgan portlash natijasida bir kishi halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 25 oktyabr kuni Namangan viloyatida gaz quyish stansiyasida portlash sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Hodisa Chust tumanidagi “Birlik” mahallasida ro‘y bergan. Portlash haqidagi xabar 18:47 da 112 tezkor chaqiruv xizmatiga kelib tushgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan uchta yong‘in-qutqaruv bo‘limi yetib borgan. FVV maʼlumotiga ko‘ra, yong‘in kelib chiqmagan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 10 tonnalik yoqilg‘i saqlash sisternasining boshqa joyga ko‘chirish jarayonida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmaganligi natijasida chaqnash yuz bergan.
Natijada payvandlash ishlarini amalga oshirayotgan xodim halok bo‘lgan.
Hozirda mutaxassislar voqea sabablarini aniqlash va yetkazilgan moddiy zarar miqdorini baholash ustida ish olib bormoqda.