Namanganda “Aqlli shahar” ilmiy-amaliy markazi loyihasiga start berildi
Namanganda “Aqlli shahar” ilmiy-amaliy markazi loyihasiga start berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida zamonaviy texnologiyalar asosida hududlarni rivojlantirish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirish hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida muhim loyiha – “Aqlli shahar” ilmiy-amaliy markazini tashkil etish ishlari boshlandi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 22 oktyabrdagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yana-da rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF 189-son Farmoni ijrosini taʼminlash doirasida amalga oshirilmoqda.
Shu asosda Namangan davlat texnika universitetida “Sunʼiy intellekt” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish, oliy taʼlim tizimini raqamli transformatsiya qilish hamda ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Rejalashtirilayotgan ilmiy laboratoriya talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, sunʼiy intellektni real loyihalarda qo‘llash hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun jami 16 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bugun ushbu yirik tashabbusga rasman start berildi.
Qurilish ishlarining boshlanish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, nuroniylar hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdilar.
Mazkur loyiha Namangan viloyatini raqamli transformatsiya qilish, “Aqlli shahar” konsepsiyasini hayotga tatbiq etish hamda aholiga qulay va xavfsiz muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.