Namanganda 15 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdoga chiqarilishini oldi olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan va sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdosiga chek qo‘yish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona organlari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Kosonsoy tumanida istiqomat qiluvchi, 1986 y.t. shaxs davlat reyestridan o‘tmagan, muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan, Xindiston davlatida ishlab chiqarilgan 2100 dona qutidagi “Ferromed” nomli dori vositasini “shartli” xaridorga 168 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 4296 qutidagi “Ferromed” dori vositasi olindi.
Baholash hisobotiga ko‘ra, jami 6396 qutidagi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 223 mln so‘mni tashkil etadi.
Hozirda qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186³ -moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Namangan shahrida qayd etilgan holatda dori vositalari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ ombor mudiri va uning 2 nafar tanishiga qarashli 3 ta noturar bino ko‘zdan kechirildi.
Natijada, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, taxminiy qiymati 12,8 mlrd so‘mdan ortiq, 2307 turdagi, jami 195.323 dona kontrafakt dori vositalari mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Hozirda ushbu dori vositalariga nisbatan sudga oid kimyoviy, tovarshunoslik ekspertizalari tayinlandi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Namangan shahri va Uychi tumanidagi 2 ta “yashirin ombor”dan xorijda ishlab chiqarilgan, taxminiy qiymati 1,2 mlrd so‘mlik, 128 turdagi jami 45.641 dona dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Taʼkidlash lozimki, sifat sertifikatlariga ega bo‘lmagan ushbu dori vositalarining ayrimlarini yaroqlilik muddati o‘tgan.
Hozirda ushbu dori vositalari ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.