Namangan viloyatida zamonaviy dori vositalarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi Namangan tumani “Mingchinor” mahallasida joylashgan “NANO PHARMACEUTICAL” MCHJ tomonidan dori vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mazkur obyektda olib borilayotgan qurilish va jihozlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu loyihaning umumiy qiymati 20 million AQSH dollarini tashkil etadi, shundan 5 million dollari mahalliy mablag‘, 15 million dollari esa Xitoyning “JIANGSU GUOTAI BOCHUANG INDUSTRIAL CO., LTD” kompaniyasi investitsiyasi hisoblanadi.
Bu joy faoliyat boshlagach, yiliga 40 million dona dori vositalari ishlab chiqarilib, shundan 3 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Korxona “MERRY MED FARM” MCHJning yangi loyihasi hisoblanadi. 2010 yilda tashkil etilgan ushbu korxona tarkibidagi 30 ta sexda hozirgi kunda 1200 nafardan ziyod xodim ish bilan band bo‘lib, 180 dan ortiq turdagi dori vositalarini jahon standartlariga mos ravishda ishlab chiqarmoqda. Korxona mahalliy bozor bilan birga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Tojikistonga mahsulot eksport qilmoqda.