Namangan viloyatida o‘qituvchi o‘quvchiga nisbatan zo‘ravonlik ishi bo‘yicha qo‘lga olindi
Namangan viloyatida o‘qituvchi o‘quvchiga nisbatan zo‘ravonlik ishi bo‘yicha qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 8-maktabning 6-sinf o‘quvchisiga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Hodisa haqidagi maʼlumot 30 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Ichki ishlar boshqarmasi maʼlumotiga ko‘ra, tuman fuqarosi 28 mart kuni 2013 yilda tug‘ilgan qiziga nisbatan jinoyat sodir etilgani haqida xabar bergan.
1973 yilda tug‘ilgan gumondorga nisbatan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi — «g‘ayritabiiy usulda jinsiy ehtiyojni qondirish maqsadida zo‘ravonlik qilish» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumondor protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani ushbu ishni nazoratga olgan, tergov jarayonini kuzatib bormoqda va jabrlanuvchi bolaning protsessual huquqlari himoyasini taʼminlamoqda.
Ish bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumotlar keyinchalik eʼlon qilinadi.