Namangan viloyati tadbirkorlari turizmni rivojlantirish boʻyicha tashabbuslarini taqdim etdilar
Namangan viloyati tadbirkorlari turizmni rivojlantirish boʻyicha tashabbuslarini taqdim etdilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hududlarda turizm sohasi vakillari bilan bevosita muloqot o‘rnatish, istiqbolli loyihalarni aniqlash hamda ular asosida hududiy amaliy dasturlarni ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulov boshchiligida Respublika ishchi guruhi Namangan viloyatiga tashrif buyurib, hududda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda Namangan viloyati hokimligi rahbariyati, viloyat Turizm boshqarmasi mas’ul xodimlari, shuningdek, turizm yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan 100 nafardan ortiq tadbirkorlar, turkompaniya va mehmonxona rahbarlari hamda xizmat ko‘rsatish sohasining vakillari ishtirok etdi.
Ochiq suhbat tarzida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda viloyatning boy turizm salohiyatidan samarali foydalanish, hududda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yangi turizm yo‘nalishlarini shakllantirish hamda sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan sohaga oid mavjud muammolar, amaliy takliflar va tashabbuslar ilgari surildi. Mutasaddilar tomonidan ushbu takliflarni atroflicha o‘rganish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning faoliyatini yanada rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, viloyatda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini ta’minlashda turkompaniyalar, mehmonxona xo‘jaliklari, servis va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning o‘rni muhim ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan barcha masalalarni tegishli tartibda ko‘rib chiqish, bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlash hamda Namangan viloyatida turizmni yanada rivojlantirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.