Namangan viloyati Hindistonning Krsnaa Diagnostics kompaniyasidan 50 million dollar jalb qildi
Namangan viloyati Hindistonning Krsnaa Diagnostics kompaniyasidan 50 million dollar jalb qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati hokimligi hamda Hindistonning yetakchi tibbiyot kompaniyasi o‘rtasida 50 mln. dollarlik o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Avvalroq, joriy yil 1 mart kuni Hindistondagi "Krshna Diagnostics" kompaniyasi vakillari viloyatimizdagi bir qator tibbiyot muassasalarida bo‘lib, mavjud sharoitlar bilan tanishgan edilar. Bugun “Krsnaa Diagnostics” kompaniyasi Boshqaruv kengashi raisi janob Rajendra Mutha boshchiligidagi delegatsiya Namanganga keldi.
"Krshna Diagnostics" - farmatsevtika va diagnostika sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega kompaniya hisoblanadi. Hindistonning 150 dan ortiq tumanlarida 2000 dan ziyod samarali faoliyat yuritayotgan diagnostika markazlari va laboratoriyalar tarmog‘ini shakllantirgan. Ayni vaqtda 150 dan ortiq kompyuter tomografiya (KT) uskunalari, 100 dan ortiq MRT apparatlari, 1800 dan ortiq rentgen markazlariga ega.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mehmonlarni qabul qildi.
O‘zaro muloqotda xorijiy kompaniyaning mavjud imkoniyatlari va hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida Namangan viloyati hokimligi (O‘zbekiston Respublikasi) va "Krsnaa Diagnostics Ltd" (Hindiston Respublikasi) o‘rtasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik qilish bo‘yicha 50 mln. AQSH dollarilik o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu Memorandum ikkala tomonning Namangan viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishga va investitsiya, sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish hamda kengaytirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildiradi.
Loyihalar 2026 – 2028 yillar oralig‘ida amalga oshiriladi.