Namangan va Amity Global Institute hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida xalqaro taʼlim sohasida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Viloyat hokimligi hamda Singapur Respublikasining nufuzli xususiy oliy taʼlim muassasasi — “Amity Global Institute” o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Singapurning “Amity Global Institute” direktori, professor Leon Kit Chung boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda kadrlar tayyorlash, innovatsion taʼlim dasturlarini joriy etish va o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Xorijiy delegatsiya vakillari Namanganda oliy taʼlimga qaratilayotgan eʼtiborni yuqori baholab, sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari sohalarida xalqaro standartlar asosida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘rtasida Memorandum imzolandi. Uning asosiy maqsadi — tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, Namanganda xalqaro standartlar asosidagi taʼlim dasturlarini amalga oshirishdan iborat.
Hujjatga ko‘ra, 2026–2030 yillar davomida Namangan davlat texnika universiteti bazasida “Amity Global Institute” hamda Buyuk Britaniyaning “University of East Anglia” universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturlari (Double Degree Program) yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida axborot texnologiyalari, biznes boshqaruvi va sunʼiy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha ikki diplomli taʼlim dasturlari amalga oshiriladi. Bu orqali Namanganlik talabalar xalqaro darajada tan olinadigan diplomlarga ega bo‘lish imkoniga ega bo‘ladilar.