Namangan tumanida 627 gramm gashish bilan ayollar guruhi qo‘lga olindi
Namangan tumanida 627 gramm gashish bilan ayollar guruhi qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan tumanida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga aloqadorlikda gumon qilingan ayollar guruhi qo‘lga olindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan 14 fevral kuni “Ravnaq” mahallasi hududida to‘xtatilgan Damas rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, ikki nafar yo‘lovchi ayolning qo‘lida ikki dona qora paket ichiga joylangan, olti bo‘lakdan iborat, umumiy og‘irligi 627 gramm bo‘lgan gashish moddasi aniqlangan.
Qo‘lga olinganlar ushbu giyohvandlik vositasini Yangi Namangan tumanida boshqa shaxslarga yetkazib berish maqsadida olib ketayotganini tan olgan.
Keyingi tezkor tadbirlar davomida taqiqlangan moddani qabul qilib olayotgan paytda yana ikki nafar ayol ham ushlangan. Barcha ashyoviy dalillar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi («Ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini noqonuniy sotish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.