Namangan hokimi yirik pora olayotganda qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Namangan shahar hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan maʼnan eskirgan turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming AQSH dollari talab qilishadi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shahar hokimiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Taʼkidlash lozimki, tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho beriladi.
Poraxo‘rlik bilan bog‘liq holat Toshkent viloyatida ham qayd etilib, xususan, Zangiota tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi mahalliy fuqaroga tegishli uyning yonida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 8 sotix yer maydonini tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun tuman hokimligi tomonidan tuziladigan ishchi guruh orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qiladi.
Lekin, ushbu pul mablag‘idan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.