Namangan erkin iqtisodiy zonasi Jahon erkin zonalar tashkiloti aʼzosiga aylandi
Namangan erkin iqtisodiy zonasi Jahon erkin zonalar tashkiloti aʼzosiga aylandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatining investitsion jozibadorligini oshirish, xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, Namangan erkin iqtisodiy zonasi 2026 yil uchun dunyodagi nufuzli xalqaro tuzilmalardan biri — Jahon erkin zonalar tashkiloti (World Free Zones Organization)ning ovoz berish huquqiga ega aʼzosi sifatida qabul qilindi.
Mazkur tashkilot tomonidan Namangan erkin iqtisodiy zonasiga aʼzolik sertifikati taqdim etildi. Unga ko‘ra, zona 2026 kalendar yili uchun rasman tashkilotning to‘laqonli ishtirokchisi sifatida eʼtirof etildi.
Jahon erkin zonalar tashkilotiga aʼzolik Namangan erkin iqtisodiy zonasi uchun bir qator muhim imkoniyatlarni yaratadi. Jumladan:
- xalqaro investorlar bilan hamkorlikni yana-da kuchaytirish;
- ilg‘or tajribalarni o‘rganish va joriy etish;
- eksport salohiyatini oshirish;
- global iqtisodiy tarmoqlarda faol ishtirok etish imkoniyati kengayadi.
Bu esa o‘z navbatida, Namangan viloyatida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiyotini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur yutuq Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan ochiqlik, investitsiyalarga qulay muhit yaratish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarning yana bir amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.