“Namangan China Town” — xalqaro hamkorlikda yangi shahar barpo etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasida Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan yirik xalqaro loyiha — “Namangan China Town” shaharchasi qurilishi yuzasidan navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda Xitoy Xalq Respublikasi Konsultativ kengashining Jiangsu provinsiyasi aʼzosi, Jiangsu Tonke Real Estate Co., Ltd kompaniyasi prezidenti Yan Bo boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Namangan viloyati hokimi “Namangan China Town” shaharchasining loyihasi bilan yaqindan tanishdi.
Mutaxassislar tomonidan shaharchaning arxitektura yechimlari, infratuzilmasi va kelgusida amalga oshiriladigan qurilish bosqichlari haqida maʼlumot berildi.
Shundan so‘ng loyihani amalga oshirish jarayoni, qurilish ishlarini jadallashtirish, muhandislik va tashkiliy masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
“China Town” loyihasi umumiy hisobda 84 gektar yer maydonida, kelgusida esa 1084 gektarga yaqin hududdagi shahar majmualari bilan uyg‘un holda rivojlantiriladi. Loyiha doirasida 500 dan ortiq savdo va ofis binolari, mehmonxona, maktab va bog‘chalar, sport komplekslari hamda 24/7 ishlaydigan xizmat markazlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Shaharcha nafaqat savdo va biznes markazi, balki aholi uchun qulay yashash, ishlash va dam olish muhitini yaratishga qaratilgan zamonaviy shahar majmuasi bo‘ladi.
Muzokara chog‘ida loyihani amalga oshirish jarayonidagi ayrim tashkiliy masalalar viloyat rahbari tomonidan joyida hal etildi.
Kelishuvga ko‘ra, noyabr oyida loyihaning tamal toshi qo‘yilishi va qurilish ishlariga rasman start berilishi rejalashtirilgan.
“Namangan China Town” loyihasi nafaqat Namanganning meʼmoriy qiyofasini o‘zgartiradi, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi.
Bu faqatgina qurilish emas — bu zamonaviy shaharsozlik, xalqaro hamjihatlik va iqtisodiy yuksalishning yangi ramzidir.