Najmiddin Qosimhojiyev Universiada oʻyinlarining ikki karra sovrindori
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Taekvondochilarimiz Germaniyada oʻtayotgan yozgi Universiada oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bir medal keltirishdi. Bu gal Najmiddin Qosimhojiyev bronza medali bilan taqdirlandi.
-74 kg vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz yarim finalgacha boʻlgan yoʻlni muvaffaqiyatli bosib oʻtdi. Biroq ushbu bosqichda braziliyalik Vinisuis Matosga imkoniyatni boy berib, faoliyatida ikkinchi bor Universiada oʻyinlarida shohsupaning uchinchi pogʻonasiga koʻtarildi. Eslatib oʻtamiz, Qosimhojiyev 2 yil muqaddam Xitoyning Chendu shahrida oʻtgan Universiadada ham bronza medilini qoʻlga kiritgan edi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar hozircha 2 ta oltin, 3 tadan kumush va bronzaga yetdi.