MyGov.uz platformasida Poytaxt Parking rezidentlik avtoturargoh ruxsatnomalarini onlayn rasmiylashtirish xizmati ishga tushirildi
MyGov.uz platformasida Poytaxt Parking rezidentlik avtoturargoh ruxsatnomalarini onlayn rasmiylashtirish xizmati ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali MyGov.uz orqali Poytaxt Parking yo‘l yoqasi avtoturargohlaridan foydalanish uchun rezidentlik ruxsatnomalarini rasmiylashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Ruxsatnoma olish uchun berilgan ariza bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar turar joy mulkdorining roziligini tasdiqlash talab etilsa, ko‘rib chiqish muddati yetti kungacha uzaytiriladi. Ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi.
Rezidentlik ruxsatnomasi asosida avtoturargohdan foydalanish soat 20:00 dan 8:00 gacha bepul hisoblanadi. Istalgan vaqtda avtoturargohdan foydalanish imkoniyati uchun bir bazaviy hisoblash miqdori to‘lanadi, hozirgi kunda u 412 ming so‘mni tashkil etadi, bu oyiga 35 ming so‘mdan kam mablag‘ga teng. Bir manzil bo‘yicha eng ko‘pi bilan ikki ta avtomobil uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish mumkin.