Mustaqillik-25 gaz qudug'ida vodorod sulfidi bilan gaz otilishi yana qayd etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 5-may kuni soat tonggi 6:10 da “Mustaqillik-25” konidagi 202-quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning katta bosim bilan otilishi va natijada fontanlanish holatining qaytalanishi kuzatildi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar berdi.
Tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning tarqalishini oldini olish maqsadida gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborildi. Ayni paytda barcha zarur tadbirlar xavfsizlik choralariga toʻliq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Hodisa sodir boʻlgan hudud tegishli xizmatlar tomonidan oʻrab qoʻyilgan va hozirgi vaqtda ushbu hudud Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.
Yuzaga kelgan hodisa yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun xavf tugʻdirmaydi.
Avvalroq, 2025-yil 27-mart kuni mazkur quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning chiqishi qayd etilgandi. Ekologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida quduq nazorat ostida yoqib qoʻyilgan. 22-aprel kuni quduq oʻqining gʻovlanib tushgani va kolonna chiqib ketishi natijasida fontanlanish toʻxtagan, hodisa joyida gazning sust oqimi (grifon) kuzatilgan edi.
Avariyani bartaraf etish maqsadida hodisa joyida xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ham faoliyat olib bormoqda.