Muddatli harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga imtiyoz va kafolatlar beriladi

Muddatli harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga imtiyoz va kafolatlar beriladi

Muddatli harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga imtiyoz va kafolatlar beriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqirilgan fuqarolar uchun quyidagi imtiyoz va kafolatlar beriladi:

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab: muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga xizmatni o‘tash davrida oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatining masofaviy taʼlim shakliga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kirish imtihonlarida ishtirok etish va natijasiga ko‘ra o‘qishga kirishga ruxsat beriladi. Bunda oliy taʼlim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan askarlarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi;

muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy taʼlim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan askarlar oliy taʼlim tashkilotlarining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlarida o‘qigan talabalarga tenglashtiriladi va o‘qishni tamomlagandan so‘ng ularga belgilangan tartibda “zaxiradagi leytenant” harbiy unvoni beriladi;

muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan, respublika va xalqaro sport musobaqalarida yoki fan olimpiadalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan askarlar orasidan 100 nafari tanlov asosida saralanib, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga dastlabki saralash va maxsus kasbiy tanlov natijalariga ko‘ra test sinovlarisiz yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz belgilangan yillik kvota doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishga qabul qilinadi;

muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida Olimpiya va Osiyo o‘yinlari dasturlariga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika hamda xalqaro musobaqalarda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan askarlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga (mos yo‘nalishlarga) kirish sinovlarisiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

2027 yil 1 apreldan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.

2026 yil 1 maydan boshlab askarlarni kasbga o‘qitishga jalb etilgan pedagoglarga mashg‘ulotlarni o‘tkazganlik uchun soatbay asosida ish haqi to‘lanadi.

2026 yil 1 maydan muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarni, shuningdek, askarlarni harbiy qismlarda kasbga o‘qitish xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yil 1 iyuldan muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda oliy taʼlim tashkilotlarida o‘qish istagini bildirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati xarajatlarini “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy taʼlim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan askarlarga qonunchilikda belgilangan tartibda o‘qishning birinchi yili uchun Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taʼlim krediti ajratiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling