Valyuta kurslari 31/10/2025
$1 – 12025.22
UZS – 0,29%
€1 – 13969.70
UZS – 0,07%
₽1 – 149.36
UZS – -0,9%
Qidirish
Moskvada SHHT transformatsiyasi va Yevroosiyoda xavfsizlikning yangi arxitekturasi muhokama qilindi

Moskvada SHHT transformatsiyasi va Yevroosiyoda xavfsizlikning yangi arxitekturasi muhokama qilindi

Moskvada SHHT transformatsiyasi va Yevroosiyoda xavfsizlikning yangi arxitekturasi muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 29-30-oktyabr kunlari Moskvada Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti tomonidan tashkil etilgan "Yevroosiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik: yangi shakllar va yo‘nalishlar" mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Rossiya, Belarus, Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlarining davlat organlari, yetakchi ilmiy markazlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Forum Yevroosiyoning xavfsizligi va rivojlanishiga oid muhim masalalarni ochiq va samarali muhokama qilish maydoniga aylandi. Muzokaralar markazida teng huquqlilik, yaxshi qo‘shnichilik, konsensus va kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslangan Katta Yevroosiyo hamkorligini shakllantirish istiqbollari bo‘ldi.

SHHT: yangi voqelikka moslashish

Yevrosiyoda o‘zaro hamkorlikning yangi shakllarini muhokama qilish jarayonida konferensiya ishtirokchilari Shanxay hamkorlik tashkilotining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdilar. Yigirma yil mobaynida SHHT Osiyo, Yevropa va Afrika davlatlarini birlashtirgan eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi. Bu mamlakatlar hissasiga sayyoramiz aholisining 40 foizdan ortig‘i, jahon yalpi ichki mahsulotining to‘rtdan bir qismi va xalqaro savdoning 15 foizdan ko‘prog‘i to‘g‘ri keladi. SHHTga a’zo o‘nta davlatning 2024-yildagi umumiy yalpi ichki mahsuloti 25 trillion dollarni tashkil etdi.

Xalqaro vaziyat keskinlashgan sharoitda Tashkilot ichki va tashqi muammolarga duch kelmoqda, jumladan geosiyosiy qarama-qarshilik, ishonchsizlik va sanksiya urushlarining kuchayishi kabi muammolar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayevning ta’kidlashicha, SHHT Yevroosiyoda barqarorlashtiruvchi omilga aylanish salohiyatiga ega, biroq bunga erishish uchun tashkilot o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyatga moslashishi va o‘zini qayta shakllantirishi lozim.

Ekspert keyingi rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida xavfsizlik va barqaror taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yangi a’zolarni tashkilotga qo‘shilishga puxta tayyorlash, Kotibiyatni modernizatsiya qilish hamda Xartiyaning o‘zaro ishonch, tenglik va birgalikda rivojlanish kabi asosiy tamoyillariga sodiqlikni saqlab qolishni ta’kidladi.

So‘zdan amaliyot sari: xavfsizlikni institutsional mustahkamlash

Konferensiya ishtirokchilari Tyanszinda bo‘lib o‘tgan so‘nggi sammitda Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi negizida Dushanbe shahrida Narkotiklarga qarshi kurash markazi va Toshkent shahrida Xavfsizlikka nisbatan tahdidlarga qarshi kurashish universal markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorlarni qo‘llab-quvvatlab, ushbu tuzilmalarga real vakolat va resurslar berish muhimligini qayd etdilar.

2024-yilda terroristik tashkilotlar qurbonlari soni 11 foizga oshib, 4,2 ming kishiga yetganini hisobga olgan holda, tadbir ishtirokchilari terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda yagona yondashuvni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladilar.

Afg‘oniston imkoniyatlar maydoni sifatida

Munozaraning alohida bir bloki Afg‘onistonga bag‘ishlandi. Ekspertlar konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga faol ko‘maklashish muhimligini qayd etdilar.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning SHHT - Afg‘oniston Muloqot guruhi ishini qayta tiklash tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgani alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilarning fikricha, ushbu taklif Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash va mintaqada barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Kibertahdidlar xavfsizlikning yangi jabhasi sifatida

Raqamli xavfsizlik konferensiyaning asosiy mavzularidan biriga aylandi. Ta’kidlanishicha, 2024-yilda kiberjinoyatlar tufayli jahon miqyosidagi zarar 9,5 trillion dollarga yetdi va 2025-yil oxirigacha 10,5 trillion dollargacha ko‘tarilishi mumkin. Mutaxassislar bunday keng qamrovli tahdidlarga qarshi kurashish uchun xalqaro darajada tizimli va muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladilar.

Shu ma’noda, SHHTning muhim infratuzilmalarini himoya qilish, sodir bo‘lgan kiberhujumlar to‘g‘risida ma’lumot almashish va kiberxavfsizlik sohasida mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan yagona raqamli xavfsizlik platformasini yaratish muhimligi qayd etildi.

Umuman olganda, konferensiya yakunlari Yevroosiyo mamlakatlarining ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga intilishi ortib borayotganini ko‘rsatdi. Ishtirokchilar jahon siyosatidagi notinchlik kuchayib borayotgan sharoitda mintaqa uchun o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish, zamonaviy tahdidlarga samarali javob bera oladigan va uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashga qodir bo‘lgan kollektiv xavfsizlikning yaxlit tizimini shakllantirish muhimligini e’tirof etdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling