Moskvada Rossiyadan Oʻzbekistonga turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Moskvada Rossiyadan Oʻzbekistonga turizmni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 11–13-mart kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “MITT – International Travel & Hospitality Show 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Tadjiyev va Rossiya Federatsiyasi turizm bozorida faoliyat yuritayotgan xususiy sektor vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda turizm sohasidagi mavjud vaziyat, xalqaro bozordagi o‘zgarishlar hamda Rossiyadan O‘zbekistonga turistlar oqimini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, ishtirokchilar Yaqin Sharq mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat va bu holatning turistik yo‘nalishlarga ta’siri haqida fikr almashdilar.
Mutaxassislar qayd etishicha, bugungi kunda talabning ma’lum darajada qayta taqsimlanishi kuzatilmoqda va rossiyalik turistlar ayrim hollarda o‘z sayohatlarini Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlariga yo‘naltirmoqda.
Shu bilan birga, turoperatorlar tahlillariga ko‘ra, mintaqadagi beqarorlik Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston uchun xavfsiz va qulay turistik yo‘nalish sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamlash imkoniyatini ham yaratmoqda. Bu esa tranzit turistik oqimlarni jalb qilish hamda Rossiya bozori bilan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochishi mumkin.
Muloqot davomida xususiy sektor vakillari rossiyalik turistlarni jalb qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan qator amaliy taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar. Ular orasida ikki davlat o‘rtasida to‘lov tizimlarini yanada qulaylashtirish, aviaqatnovlar jadvalini optimallashtirish va kunduzgi reyslar sonini oshirish, shuningdek Rossiya bozoriga moslashtirilgan maxsus marketing dasturlarini ishlab chiqish masalalari alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Rossiyaning ayrim hududlarida O‘zbekistonning diniy va ziyorat turizmi salohiyatini faol targ‘ib qilish, mamlakatdagi turistik mahsulotlar turini kengaytirish, jumladan tibbiy, sanoat va yoshlar turizmi kabi yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Mutaxassislar, shuningdek, Rossiya bozorida targ‘ibot ishlarini ushbu mamlakatda ommalashgan raqamli platformalar orqali amalga oshirish maqsadga muvofiqligini ham bildirdilar.
Tadbir yakunida turoperatorlar tomonidan bildirilishicha, 2026-yilda xalqaro turizm bozoridagi ijobiy dinamika saqlanib qolishi va barcha asosiy bozorlardan, jumladan Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga turistlar oqimi taxminan 20 foizga o‘sishi kutilmoqda.