Moskova viloyatida Rossiya va O‘zbekiston hududlari II kengashi bo‘lib o‘tadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 21–22 oktyabr kunlari Moskva viloyatida Rossiya va O‘zbekiston hududlari II kengashi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir ikki davlat o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun asosiy maydon hisoblanadi.
Tadbirni Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Moskva viloyati hukumati tashkil etmoqda. Rossiya delegatsiyasiga Rossiya hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov rahbarlik qiladi, O‘zbekiston delegatsiyasiga esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari boshchilik qiladi.
Kengash dasturida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar nazarda tutilgan. Forum doirasida Kengashning plenar majlisi, Rossiya–O‘zbekiston va O‘zbekiston–Rossiya biznes kengashlarining yig‘ilishlari, shuningdek, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan mavzuli panel sessiyalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ular orasida elektron savdo istiqbollari, sanoatga investitsiyalar, transport va logistika sohasidagi hamkorlik, energetika loyihalarini amalga oshirish hamda agrosanoat kompleksidagi o‘zaro munosabatlar masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Rossiya va O‘zbekiston hududlari II kengashi yakunida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash, ikki mamlakat hududlari va biznes tuzilmalari o‘rtasida aniq kelishuvlarni imzolash, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.