Moliyaviy hisob tizimiga xalqaro standartlar keng joriy qilinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–282-son, 15.09.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, jamiyat va iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega tadbirkorlarga nisbatan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar huquqiy maqomi joriy qilinadi.
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy qilish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi.
Faoliyat turi va aktivlari miqdori tufayli yuqori ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirga, keng doiradagi manfaatdor tomonlarga ega bo‘lish mezonlariga javob beradigan tadbirkorlar Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritiladi.
Belgilangan mezonlarga javob beradigan tadbirkorlar har yili 1 iyulgacha Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritiladi.
2026 yil 1 yanvardan Reyestr Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan elektron shaklda yuritiladi va har yili 1 iyulgacha Hukumat portali yagona platformasi hamda Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtiriladi.