Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
Turizm 24/06/2025 Mo‘g‘ulistonda bo‘lib o‘tayotgan Forumda O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

Mo‘g‘ulistonda bo‘lib o‘tayotgan Forumda O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga amalga oshirayotgan davlat tashrifi doirasida, 2025-yil 23-iyun kuni Ulan-Bator shahrida “O‘zbekiston — Buyuk Ipak yo‘li durdonasi” mavzusida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston turizm forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.

Forumda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari J. Abdusalomov, Mo‘g‘uliston madaniyat, sport, turizm va yoshlar ishlari vaziri Chinbatyn Undram, Mo‘g‘uliston turizm uyushmasi prezidenti Damba Gantemur, "Hunnu Air" aviakompaniyasi tijorat direktori Tserenxu Turbold hamda ikki mamlakatning 150 dan ortiq turizm sohasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. 

Tadbir doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi keng qamrovli taqdimotlar namoyish etildi. Jumladan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, yangi sayyohlik maskanlarining yaratilishi, zamonaviy infratuzilmalar, ekologik, ziyorat hamda gastronomik turizm yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar batafsil yoritib berildi. 

Ayniqsa, forum ishtirokchilarining e’tiborini O‘zbekistonning tarixiy shaharlari — Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Toshkentdagi noyob me’moriy obidalar, UNESCO merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy maskanlar, milliy hunarmandchilik markazlari va boshqa tarixiy-madaniy boyliklar tortdi. 

Tadbir doirasida o‘tkazilgan “B2B” va “G2B” uchrashuvlarda O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning turizm sohasi vakillari ishtirok etib, o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Natijada ikki tomonlama shartnomalar imzash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi va sayyohlar almashinuvini oshirish rejalashtirildi.

Forum yakunida mehmonlarga O‘zbekistonning boy madaniyati va urf-odatlarini aks ettiruvchi milliy folklor dasturi namoyish etildi. O‘zbek raqslari, an’anaviy kuy-qo‘shiqlar va turli hududlarga xos madaniy ko‘rinishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Bundan tashqari, o‘zbek oshxonasi taomlaridan iborat milliy ziyofat mehmonlarga taqdim etildi.

 Ushbu forum O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida turizm sohasidagi sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ldi. Tadbir ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga, o‘zaro madaniy yaqinlikni chuqurlashtirishga xizmat qildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling