Misrdan oliy navli urug'lik kartoshka O'zbekistonga olib kelindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Misrning "EFC Plants Tissue Culture S.A.E." kompaniyasi tomonidan yuborilgan 500 ming dona G0 avlodiga mansub "CARA" navli urug'lik kartoshka O'zbekistonga olib kelindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Bepul taqdim etilgan ushbu serhosil navli urug'lar Qashqadaryo viloyatida "Agro Gold Premium" kompaniyasi tomonidan avgust oyida ekilib, himoyalangan yer maydonida ko'paytiriladi va yurtimizdagi dehqonlar orasida tarqatiladi.
Kartoshka urug'larini ko'paytirish jarayonini nazorat qilish maqsadida "EFC Plants Tissue Culture S.A.E." kompaniyasining agronomi Muhammad al-Said ham yurtimizga keldi. U kartoshka urug'ini ekishga yerni tayyorlash, tuproq va suv laboratoriya tahlillarini o'rganish, urug'ni ekish va boshqa barcha masalalarda ekin mavsumi yakuniga qadar ko'maklashadi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston Prezidentining joriy yil 19-20-iyun kunlari Qashqadaryo viloyatiga safari davomida bergan ko'rsatmasi ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi Misrda bo'ldi. O'tkazilgan muzokaralar natijasida "EFC Plants" kompaniyasi bilan kartoshkachilik sohasida hamkorlik qilishga oid anglashuv memorandumi imzolangan.