Misr va O‘zbekiston o‘rtasida imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda
Misr va O‘zbekiston o‘rtasida imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Misrning “MENA” va “Al-Youm as-Sabi” yetakchi axborot agentliklariga O‘zbekiston elchisi Mansurbek Kilichev intervyu berib, Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mansurbek Kilichevning taʼkidlashicha, Misrning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, insonparvarlik yordamlarini yetkazib berishni yengillashtirish va yana-da keskinlashuvning oldini olishga qaratilgan diplomatik tashabbuslari muhim ahamiyatga ega. Misrning konstruktiv ishtiroki mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash va tinch aholi hayotini himoya qilishga katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston doimo muloqotni, keskinlikni kamaytirishni va xalqaro huquq hamda BMTning tegishli qarorlariga asoslangan holda barcha tomonlar uchun barqaror tinchlik va xavfsizlikni taʼminlaydigan har tomonlama siyosiy yechim topilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot o‘zaro hurmat, konstruktiv hamkorlik va eng yuqori darajadagi aloqalar bilan ajralib turadi.
“Misr bilan munosabatlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil fevral oyida Qohiraga amalga oshirgan tarixiy tashrifidan so‘ng yangi dinamik bosqichga kirdi. Yuqori darajadagi muloqotlar davom etmoqda. Jumladan, 2025-yilda Moskvada Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar doirasida Prezident Abdulfattoh as-Sisi Mirziyoyev bilan uchrashdi”, deydi elchi.
Intervyuda yozilishicha, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari va yuqori lavozimli rasmiylari o‘rtasida yaqin muloqot saqlanib qolmoqda. Parlament diplomatiyasi ham sezilarli darajada kengaydi: ikki parlament raisi o‘zaro tashriflar amalga oshirdi va parlamentlararo do‘stlik guruhlari tashkil etildi.
Kelgusi davrda turli darajalardagi tashriflar, jumladan vazirlar delegatsiyalari va savdo missiyalari almashinuvi yana-da ko‘payishi kutilmoqda. Bu esa Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlaydi. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda va 2025-yilda 47 million dollardan oshdi.